Xavfsiz hayot boshlanishi: Oʻzbekiston boʻylab ona va yangi tugʻilgan chaqaloqlar parvarishini mustahkamlash
Xavfsiz tug‘ilish faqat bitta tibbiy uskuna yoki bitta o‘quv kursiga bog‘liq emas. Buning uchun malakali tibbiyot xodimlari, ishonchli texnologiyalar, aniq klinik standartlar, samarali yo‘llanma (referal) tizimlari hamda uzluksiz monitoring zarur. Sog‘liqni saqlash tizimini kompleks mustahkamlashga qaratilgan aynan shunday yondashuv Ishonch jamg‘armasi orqali amalga oshirilgan Ona va perinatal salomatlik dasturining asosini tashkil etdi.
Ishonch jamg‘armasi Shveysariyadan O‘zbekistonga qaytarilgan aktivlarning adolatli, shaffof va samarali yo‘naltirilishini ta’minlaydi hamda ularni O‘zbekiston xalqiga manfaat keltiruvchi BMT dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltiradi. Hozirda Jamg‘arma sog‘liqni saqlash va ta’lim yo‘nalishlarida uchta dasturni moliyalashtirmoqda.
2023-yil sentyabridan 2026-yil apreliga qadar amalga oshirilgan sog‘liqni saqlash dasturi O‘zbekiston Hukumati, Shveysariya Hukumati, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda ishtirokchi BMT agentliklarini yagona maqsad atrofida birlashtirdi: ona va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash hamda oldini olish mumkin bo‘lgan o‘limlarni kamaytirish.
Dastur UNICEF, UNFPA va JSST tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Dastur uchun ajratilgan 43,5 million AQSh dollari miqdoridagi budjet BMT rivojlanish bo‘yicha ekspertlari hamda Ishonch jamg‘armasining Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlardan so‘ng Jamg‘armaning boshqaruv mexanizmlari orqali tasdiqlandi. Dastur hujjati, budjeti, yillik hisobotlari va dastur bo‘yicha savol-javoblar to‘plami jamoatchilik uchun ochiq.
Barcha perinatal markazlarni qamrab olish
Dastlab dastur 227 ta perinatal markazni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlab chiqilgan edi. Biroq uni amalga oshirish davomida Hukumat tomonidan perinatal xizmatlar tizimi kengaytirildi. Shunga mos ravishda dastur ham moslashtirildi va yakunda mamlakat bo‘ylab faoliyat yuritayotgan barcha 231 ta perinatal markazni qamrab oldi.
Bu yondashuv alohida tanlangan muassasalarni emas, balki butun mamlakat bo‘yicha xizmatlarni qamrab olish imkonini berdi. Dastur doirasida tibbiyot muassasalarining ehtiyojlari baholandi hamda ularning salohiyati zamonaviy tibbiy uskunalar, mutaxassislarni tayyorlash, yangilangan klinik standartlar, raqamli monitoring va sifatni ta’minlash tizimlari orqali mustahkamlandi.
Har yili e’lon qilinadigan ochiq hisobotlarda hududlar kesimida yetkazib berilgan uskunalar va o‘qitilgan tibbiyot xodimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltiriladi. Tibbiyot muassasalari darajasida esa barcha uskunalar milliy JixozMed raqamli aktivlarni boshqarish platformasi orqali ro‘yxatga olinadi va monitoring qilinadi.
Sog‘liqni saqlash tizimiga investitsiya
Dastur uchun ajratilgan 43,5 million AQSh dollarining 40,65 million dollari bevosita dastur xarajatlariga, 2,85 million dollari esa BMTning amaldagi xarajatlarni qoplash tamoyillariga muvofiq bilvosita qo‘llab-quvvatlash xarajatlariga yo‘naltirildi.
Eng katta investitsiya tibbiy uskunalar, jihozlar va tibbiy buyumlarga yo‘naltirildi. Bu maqsad uchun 30,98 million AQSh dollari yoki bevosita dastur xarajatlarining qariyb 76 foizi sarflandi. Hamkor tashkilotlarga ajratilgan grant va transfertlar 5,29 million dollarni, xodimlar bilan bog‘liq xarajatlar 1,95 million dollarni, shartnoma asosidagi xizmatlar 1,83 million dollarni, safarlar (shu jumladan amalga oshirish va monitoring ishlari) 0,53 million dollarni hamda boshqa bevosita va operatsion xarajatlar 0,08 million dollarni tashkil etdi.
Mutaxassislarni o‘qitish, klinik protokollarni ishlab chiqish, raqamli tizimlarni joriy etish, metodik kuzatuv, monitoring va dastur boshqaruvi ushbu xarajat toifalarining bir nechtasi orqali moliyalashtirilgani sababli ular alohida budjet satrlari sifatida aks ettirilmagan.
Dastur doirasida akusherlik va neonatologiya uchun mo‘ljallangan 23 turdagi tibbiy uskunalar yetkazib berildi. Ular qatoriga sun’iy nafas oldirish apparatlari, inkubatorlar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni reanimatsiya qilish uskunalari, fototerapiya apparatlari, narkoz apparatlari, bemor monitoring tizimlari, tug‘ruq karavotlari, operatsion stollar va infuzion nasoslar kiradi. Xarid paketlari, shuningdek, ehtiyot qismlar, kafolat, texnik xizmat ko‘rsatish va uskunalarning uzoq muddat ishlashini ta’minlash uchun texnik yordamni ham o‘z ichiga oldi.
Barcha xaridlar UNICEF va UNFPA tomonidan BMTning qoidalari va tartib-taomillariga muvofiq xalqaro ochiq tanlovlar orqali amalga oshirildi. Tenderlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining United Nations Global Marketplace (UNGM) platformasi orqali e’lon qilindi va barcha jarayonlar adolatlilik, shaffoflik, raqobat hamda mablag‘lardan oqilona foydalanish tamoyillariga asoslandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari jarayonning tegishli bosqichlarida ishtirok etdi, Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi a’zolari esa xarid jarayonining muhim bosqichlarini kuzatib bordi.
Mutaxassislar salohiyatini oshirish va klinik standartlarni mustahkamlash
Tibbiy uskunalar faqatgina ulardan foydalanadigan mutaxassislar yetarli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgandagina inson hayotini saqlab qolishi mumkin. Dastur doirasida 86 910 nafar sog‘liqni saqlash xodimi o‘z malakasini oshirdi. Ular orasida akusher-ginekologlar, neonatologlar, pediatrlar, oilaviy shifokorlar, akusherkalar, hamshiralar, laboratoriya mutaxassislari, muhandislar, tibbiyot muassasalari rahbarlari hamda ona va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar salomatligi sohasida faoliyat yurituvchi boshqa mutaxassislar bor edi.
O‘quv mashg‘ulotlari xalqaro va milliy ekspertlar tomonidan bevosita o‘tkazildi yoki «trenerlarni tayyorlash» modeli asosida tashkil etildi. Bu yondashuv bilim va ko‘nikmalarni mamlakat bo‘ylab keng joriy etish imkonini berdi. Ta’lim jarayoni kompetensiyaga asoslangan o‘qitish, amaliy mashg‘ulotlar, klinik simulyatsiyalar, mentorlik va metodik kuzatuvni o‘z ichiga oldi.
O‘quv dasturlari BMT va xalqaro miqyosda tan olingan standartlarga muvofiq ishlab chiqildi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi va tegishli professional muassasalar bilan hamkorlikda tayyorlandi. Ishtirokchi BMT agentliklari o‘quv jarayonlari bo‘yicha hujjatlar, davomat ro‘yxatlari va baholash natijalarini yuritdi, ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Shuningdek, dastur doirasida 49 ta milliy klinik protokol hamda 21 ta klinik qo‘llanma va o‘quv materiali ishlab chiqildi, yangilandi, tarjima qilindi va amaliyotga joriy etildi. Ushbu hujjatlar milliy ekspertiza va tasdiqlash jarayonlaridan o‘tkazilib, klinik amaliyot hamda tibbiyot ta’limi tizimiga integratsiya qilindi. Tasdiqlangan protokollar O‘zbekistonning ona va bola salomatligi bo‘yicha milliy platformasi orqali foydalanish uchun mavjud.
Dastlabki natijalar va ochiq hisobot berish
Dastur davomida to‘rt milliondan ortiq ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar yanada sifatli tibbiy xizmatlardan foyda ko‘rdi. Dastlabki monitoring natijalari ona o‘limlari orasida oldini olish mumkin deb baholangan holatlar ulushi 2022-yildagi 77,3 foizdan 62,8 foizgacha kamayganini ko‘rsatmoqda. Eng kichik vaznda tug‘ilgan chaqaloqlarning omon qolish ko‘rsatkichi ham dastur davrida taxminan 13 foizga yaxshilandi.
Ushbu natijalar zamonaviy uskunalar, tibbiyot xodimlarining malakasi, yangilangan klinik protokollar, kuchaytirilgan monitoring hamda sifatni ta’minlash tizimlarining birgalikdagi ta’sirini aks ettiradi. Shu sababli ularni faqat o‘quv mashg‘ulotlari yoki uskunalar natijasi sifatida emas, balki sog‘liqni saqlash tizimini kompleks mustahkamlash natijasi sifatida baholash lozim.
Dastur samaradorligi sog‘liqni saqlash axborot tizimlari, tibbiyot muassasalari baholashlari, joylarga tashriflar, klinik auditlar, sifat tekshiruvlari hamda mustaqil verifikatsiya orqali monitoring qilindi. Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi a’zolari tibbiyot muassasalari, o‘quv mashg‘ulotlari va uskunalar omborlariga tashrif buyurib, mustaqil monitoringni amalga oshirdi. Shuningdek, dastur yakunida mustaqil yakuniy baholash ham o‘tkazildi.
Ochiq moliyaviy hisobotlarda xarajatlar BMT agentliklari va budjet toifalari kesimida jamlangan holda taqdim etiladi. Shu bilan birga, barcha asosiy moliyaviy operatsiyalar BMTning audit va ishonchlilikni ta’minlash qoidalariga muvofiq kuzatilishi va tekshirilishi mumkin.
Dastur 2026-yil 30-aprelda yakunlandi. Yakuniy mazmuniy va moliyaviy hisobotlar tasdiqlash hamda hisobot berish jarayonlari tugallangach, 2026-yil sentyabr oyida e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Ushbu hisobotlarda dastur xarajatlari, amalga oshirilgan faoliyat va erishilgan natijalar bo‘yicha yakuniy umumlashtirilgan ma’lumotlar taqdim etiladi hamda ular Ishonch jamg‘armasi veb-sayti va BMTning Multi-Partner Trust Fund sahifasi orqali jamoatchilikka taqdim etiladi.
Mazkur investitsiyalar O‘zbekiston bo‘ylab homiladorlik, tug‘ruq va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarning xavfsizligi va sifatini mustahkamlash uchun mustahkam poydevor yaratdi. Dastur rasman yakunlangan bo‘lsa-da, uning natijalari va foydasi kelgusi yillarda ham O‘zbekiston oilalariga xizmat qilishda davom etadi.
Qo‘shimcha ma’lumot:
Ishonch jamg‘armasi hujjatlari va yillik hisobotlari · Dastur hujjatlari va moliyaviy ma’lumotlar · Dastur bo‘yicha savol-javoblar