Homiladorlik davrida tibbiy ko'rik
Homiladorlik davrida doimiy ravishda shifokor bilan maslahatlashish sizning va bo’lajak farzandingizning salomatligini asrashdagi eng muhim qadamdir. Homiladorlik davri yaxshi o’tishi, tug‘ruq xafsiz va chaqaloq sog‘lom bo’lishi uchun o‘z vaqtida shifokor ko’rigidan o’tish juda muhim.
Homiladorlik davridagi tibbiy ko’rik bo’lajak farzandingiz sog‘lig‘ini kuzatib borish uchun zarurdir. Bu qabullar davomida siz savollaringizga javob olishingiz, xavotirlaringizni muhokama qilishingiz va sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha tavsiyalar olishingiz mumkin.
Homiladorlik davridagi tibbiy ko’rik nima uchun muhim?
Homiladorlik davridagi tibbiy ko’rik— bu homiladorlik davomida oilaviy shifokor yoki akusher-ginekolog bilan uchrashuvlardir.
Homiladorlikning erta muddatlaridan boshlab tibbiy qabulga muntazam borish o’zingiz va bo’lajak farzandingiz salomatligini doimiy ravishda nazorat qilib borishga yordam beradi.
Oilaviy shifokor yoki akusher-ginekolog homilangizning rivojlanishini kuzatadi, siz yoki bola sog‘lig’i bilan bog‘liq muammolar yoki xavflar bo‘lsa, ularni erta aniqlab, zarur choralarni ko’radi. Bu muammolar sizning jismoniy yoki ruhiy sog‘lig‘ingizga tegishli bo‘lishi mumkin.
Qabul davomida siz homiladorlik, tug‘ruq, chaqaloq parvarishi va boshqa sizni qiziqtirgan savollarni berishingiz mumkin. Shuningdek, shifokordan sog‘lom turmush tarzi, to’g’ri ovqatlanish, yetarli harakat va tinch uxlash va yaxshi dam olish bo‘yicha foydali maslahatlar olasiz.
Har bir qabulda siz shifokor bilan sog‘lig‘ingiz va homiladorlik holati haqida muhim ma’lumotlarni muhokama qilasiz. Shifokor bilan birgalikda qaysi tahlillarni topshirish, qaysi tekshiruvlardan o‘tish va qayerda tug‘ishingiz bo‘yicha qarorlar qabul qilinadi. Ayrim tahlillar aynan muayyan haftalarda o‘tkazilishi kerak bo‘ladi. Shu sababli tashriflarni kechiktirmang.
Agar siz homilador bo‘lishingiz mumkin deb taxmin qilsangiz yoki homiladorligingizni endigina bilgan bo‘lsangiz, oilaviy shifokorga murojaat qiling. Shifokor sizga kerakli tahlillarni buyuradi, sog’lig’ingizni tekshiradi, akusher-ginekologga yo'naltiradi va tug‘ruq uchun tibbiyot muassasasini tanlashda yordam beradi.
Birinchi tibbiy ko’rik nima uchun muhim?
Homiladorlik aniqlangach, oilaviy shifokorga birinchi tashrifni homiladorlikning 12-haftasigacha amalga oshiring!
Bu siz va tug‘ilajak farzandingiz salomatligi uchun eng muhim qadamlardan biridir.
Birinchi qabulda oilaviy shifokor sizning umumiy sog‘lig‘ingizni baholaydi, zarur tahlillar va tekshiruvlarni o‘tkazadi. Agar kerak bo‘lsa, sizni boshqa mutaxassislarga ham yo‘naltiradi.
Oilaviy shifokor sizning ehtiyojlaringizga moslab kamida 8 marotaba tibbiy ko’rikni o‘z ichiga olgan individual kuzatuv rejasini tuzadi. Bu qadam homiladorlikni sog‘lom o‘tkazish va asoratlarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Homiladorlik davomida muntazam kuzatuv siz va bo’lajak farzandingiz salomatligining garovidir. Oilaviy shifokor homilaning rivojlanishini bosqichma-bosqich nazorat qilib boradi. Agar sizda yoki homilada xavf belgilari paydo bo‘lsa, ularni erta aniqlash va vaqtida yordam ko‘rsatish imkoniyati oshadi.
Homiladorlikdagi o‘zgarishlar nafaqat tanangizda, balki ruhiy holatingizda ham sodir bo‘ladi. Oilaviy shifokor bu jihatlarni ham hisobga olib, sizga kerakli maslahat va tavsiyalarni beradi.
Esda tuting: Birinchi qabul 12 haftagacha — bu faqatgina tekshiruv emas. Bu sizning yangi hayotingizga, onalik yo‘liga qo‘ygan muhim qadamlaringizdan biridir. Birinchi qabulga borishni ortga surmang! O‘zingizga hamda bo’lajak farzandingizga e’tiborli bo‘ling!
Homiladorlik davrida tibbiy ko’rikda nimalar bo’ladi?
Siz necha haftalik homilador bo‘lganingizga qarab, oilaviy shifokor yoki akusher-ginekolog sizdan quyidagilar haqida so‘rashi yoki tekshirishi mumkin:
homiladorlik bosqichi va bola tug‘iladigan taxminiy sanani aniqlash
umumiy sog‘lig‘ingiz va tibbiy tarixingiz, shu jumladan avvalgi homiladorlik va tug‘ruqlar
ruhiy holatingiz, kayfiyatingiz va sizda xavotir yoki depressiya bor-yo‘qligini aniqlash uchun savollar
qabul qilayotgan dori vositalaringiz: retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan dorilar yoki o‘simliklardan tayyorlangan dori vositalari
bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha skrining tahlillari. Zarurat bo‘lsa erta bosqichda bu tahlilga yuborishi
qon bosimi, siydik tahlili, vaznni aniqlash va homiladorlikda sog’lom vazn orttirish haqida maslahatlar
qorin o‘lchamingizni o‘lchashi va homilaning yurak urishini tinglashi
yuragingiz va o‘pkaningizni tinglashi
qon tahlillari, skrining tekshiruvlar va boshqa tahlillarni tavsiya qilishi va ularning natijalarini tushuntirishi
homiladorlikda sog‘lom ovqatlanish, shuningdek iste’mol qilinmasligi kerak bo‘lgan mahsulotlar haqida maslahat berishi
turmush tarzini so‘rab, masalan, chekishni tashlash yoki spirtli ichimlik va boshqa moddalarni iste’mol qilishni to‘xtatishda yordam berishi
ish joyingiz, yashash sharoitingiz va oilaviy qo‘llab-quvvatlovingiz haqida so‘rab o‘rganishi
tug‘ruq, ko'krak suti bilan oziqlantirish va chaqaloq parvarishi bo‘yicha homiladorlik mashg‘ulotlariga yozilishni tavsiya qilishi.
Homiladorligingiz davomida oilaviy shifokor yoki akusher-ginekolog quyidagilar haqida ham so‘rashi, tekshirishi va ma’lumot berishi mumkin:
homilaning harakatlari, o‘sishi, joylashuvi va yurak urishi
tug‘ruq belgilari, tug‘ruq og‘riqlari va sizning tug‘ruq bo‘yicha istaklaringiz
muammolar yoki asoratlar, masalan, bolaning erta tug‘ilishi ehtimoli
chaqalog’ingizni ko’krak suti bilan boqish ahamiyati va samarasi.
Agar sizni qiziqtirgan masala haqida oilaviy shifokor gapirmasa, bemalol savollar bering — bu mutlaqo normal holat.
Tashriflar orasida savollar paydo bo‘lsa, ularni yozib qo‘ying, keyingi safar so‘rashingiz oson bo‘ladi.
Agar sizda ota-ona bo‘lish bilan bog‘liq xavotirlar yoki oilaviy munosabatlarda muammolar, shu jumladan zo‘ravonlik bo‘lsa, bu haqda ham gaplashish muhim.
Homiladorlik davrida necha marta shifokor qabulga borish kerak?
Agar siz sog‘lom bo‘lsangiz va homiladorlik asoratsiz kechayotgan bo‘lsa, homiladorlik davrida kamida 8 marta oilaviy shifokor yoki akusher-ginekolog ko‘rigiga borishingiz tavsiya etiladi. Bu tashriflar muhim ahamiyatga ega bo‘lib, quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:
12 haftagacha - birinchi muhim qabul, sog‘lig‘ingizni baholash, tahlillar va individual reja tuzish;
18-20 haftalarda - homilaning rivojlanishini baholash va skrining tekshiruvlar (ultratovush, tug‘ma nuqsonlarni inkor qilish uchun);
26 haftada - homiladorlikning kechishini, homilaning holatini baholash, laboratoriya tahlillari va kerakli maslahatlar olish;
30 va 34 haftalar tug‘ruqqa yaqinlashayotgan, homila va ona organizmida muhim o‘zgarishlar bo‘ladigan davrdir. Shu sababli bu haftalardagi tashriflar homilaning holatini baholash, xavfsiz tug‘ruqqa tayyorgarlik va zarur maslahatlar olish uchun juda muhimdir.
36, 38 va 40 haftalar onaning ham, chaqaloqning ham sog‘lig‘i uchun eng mas’uliyatli va e’tiborli davrlardir. Aynan shu haftalarda homila tug‘ruqqa tayyorlanadi, shuning uchun har bir tashrif juda muhim hisoblanadi.
Birinchi tibbiy qabul juda muhim. Aynan shu uchrashuvda shifokor sizning umumiy sog‘lig‘ingizni baholaydi, zarur tahlillarni belgilaydi va sizga butun homiladorlik davomida qaysi muddatlarda tibbiy qabulga borishingiz kerakligini ko‘rsatadigan maxsus reja tuzadi. Bu reja homiladorlik davomida o‘zgarishi mumkin.
Ushbu reja siz necha haftalik homilador bo‘lganingizga, sog‘lig‘ingizga va avvalgi homiladorlik tajribangizga qarab belgilanadi. Homiladorlik davrida rejada belgilangan qabul muddatlari o‘zgarib turishi mumkin, chunki shifokor sizning va homilaning holatiga qarab tashriflar sonini ko‘paytirishi yoki kamaytirishi mumkin.
Shuning uchun homiladorlik aniqlangach, 12 haftadan oshmasdan imkon qadar erta birinchi qabulga borishingiz juda muhim. Bu sizning va bo‘lajak farzandingiz salomatligi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.
Homiladorlik davrida tibbiy ko’rikga yaqin inson bilan borish
Agar imkoningiz bo‘lsa, shifokor qabullariga turmush o‘rtog‘ingiz, yaqin insoningiz yoki siz tanlagan biror qarindoshingiz bilan birga borishni tavsiya etamiz.
Yaqin insoningiz sizga hamrohlik qilsa, u sizni qo‘llab-quvvatlashi va muhim ma’lumotlarni yaxshiroq eslab qolishga yordam berishi mumkin.
Ba’zi holatlarda, shifokor siz bilan alohida suhbatlashish uchun yaqin insoningizdan qisqa vaqtga tashqarida kutib turishini so‘rashi mumkin. Bu sizning holatingizni bemalol muhokama qilish va shaxsiy fikrlaringizni erkin ifoda etishingiz uchun qilinadi.
E’tibor bering, ayrim tibbiy muassasalarda kechki soatlarda yoki dam olish kunlari ham qabul amalga oshiriladi. Bu siz va sizning hamrohingiz uchun qulay bo‘lishi mumkin. Bunday imkoniyatlar mavjudligi to’g’risida oilaviy shifokoringizdan oldindan so‘rab ko‘ring.
Agar qabullarga yolg‘iz borsangiz, bu hech qanday muammo tug‘dirmaydi - bu mutlaqo normal holatdir.
Eng muhimi, siz muntazam ravishda shifokor ko‘rigida bo‘lib turishingizdir!
Homiladorlikda skrining tekshiruvlari: unga qanday tayyorlanish kerak
Har bir homilador ayol kamida 8 ta antenatal tashrifni amalga oshirishi kerak. Bu tashriflar homiladorlikning sog‘lom kechayotganini nazorat qilish, ona va bolada sog‘liq bilan bog‘liq muammolarni erta aniqlash hamda kerakli choralarni ko‘rish uchun xizmat qiladi.
Har bir tashrif muhim. Shuningdek, 8 ta tashrifning 3 tasi skrining tekshiruvlarini o‘z ichiga oladi.Skrining tekshiruvi orqali homilangiz qanday rivojlanayotgani va unda nasliy geneti kasalliklarga moyillik, rivojlanish nuqsonlariga tekshiriladi.
Homiladorlik davrida skrining tekshiruvlari
Homiladorlik davrida skrining tekshiruvlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Ultratovush skrining tekshiruvi (3 marotaba)
Skrining qon tahlili (birinchi trimestrda o’tkazish muhim)
Homiladorlikda quyidagi davrlarda reja asosida skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi:
Birinchi trimestr - 11-13 haftada
Ikkinchi trimestr - 18-20 haftada
Uchinchi trimestr -28-32 haftada
Birinchi skrining tekshiruvi nima uchun kerak?
Homiladorlikning birinchi trimestrida (11-haftadan 13-haftagacha) o‘tkaziladigan skriningning asosiy maqsadi:
Homilada nasliy kasalliklarga moyillik bor yoki yo’qliginin aniqlash
Homiladorlik muddatini aniqlash
Egizaklar bo‘lsa ularning sonini aniqlash
Qon bosimi oshishi xavfini baholash
Homila bachadon ichida to‘g‘ri joylashganini aniqlash
Homilaning yurak urishini tekshirish
Onaning bachadoni va tuxumdonlari holatini baholash
Oilaviy shifokoringiz yo‘llanmasi asosida siz skrining ultratovush tekshiruvidan va skrining qon tahlilidan o‘tishingiz mumkin. Birinchi skrining tekshiruvini 11-haftadan 13-haftagacha vaqt oralig’ida o‘tkazish muhim.
Ba’zi hollarda ultratovush skrining tekshiruvi yoki skrining qon tahlilida o`zgarishlar aniqlansa hududiy Skrining markazida genetik shifokor bilan gaplashish va maslahatlashuv foydali bo‘ladi, ular albatta sizni qo’llab-quvvatlab, yordam beradilar va to`gri yo`naltiradilar.
Ikkinchi va uchinchi skrining nima uchun kerak?
Homiladorlikning 18-haftasidan 20-haftasigacha sizni yana bir muhim ultratovush skrining tekshiruvi kutmoqda. Bu tekshiruv homila sog‘lom rivojlanayotganini va muammolar yo‘qligini erta aniqlashga yordam beradi.
Bu tekshiruvda bolaning boshi, miyasi, yuragi, o‘pkasi, buyragi, kindigi, qo‘l-oyog‘i va boshqa a`zolari holati yaxshilab tekshiriladi. Shifokor bolaning yuragi yahshi va ravon urayotganligini, qo‘llari, oyoqlari, barmoqlari to‘liq shakllanganligini tekshiradi.
Agar egizak bo‘lsa, ularning har biri alohida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, yo‘ldoshning joylashuvi va homilaning bachadondagi holati aniqlanadi.
Homiladorlikning uchinchi trimestr 28-32 haftada sizni ultratovush skrining va homilada qon aylanishini baholash tekshiruvi kutmoqda. Bu tekshiruv jarayonida kech namoyon bo'lgan rivojlanish nuqsonlarini aniqlash uchun o`tkaziladi.
Bu tekshiruvlar orqali homiladagi jiddiy muammolar, bola rivojlanishiga to‘sqinlik qiladigan holatlar vaqtida aniqlanishi, keyingi homiladorlik nazorati qanday bo‘lishi rejalashtiriladi.
O’zingizni yaxshi his qilayotgan bo’lsangiz ham bu tekshiruvlarni o‘tkazib yubormang.
Bu siz va bolangiz salomatligi uchun juda muhim bosqichdir!
Ikkinchi va uchinchi skirining tekshiruvi uchun eng yaxshi muddat mos holda 18-haftadan 20-hafta 6-kungacha va 28-haftadan 32-haftagacha bo’lgan davrdir.
Shuning uchun shu davrda oilaviy shifokoringiz yoki ginekologingiz qabuliga borib, yo‘llanma oling.
Ultratovush tekshiruvlari homila salomatligi uchun xavfsizmi?
Ha, ultratovush tekshiruvlari xavfsiz, og‘riqsiz va homilaga umuman zarar yetkazmaydi.
Hozirgi zamonaviy ultratovush tekshiruvi apparatlari juda xavfsiz, chunki ular kuchli nurlanish chiqarmaydi, aksincha, tovush to‘lqinlari orqali homiladorlik davrida tasvirni ko‘rishning eng ma’qul usuli hisoblanadi. Bu bolaning sog‘ligi uchun hech qanday zarar yetkazmaydi.
Homiladorlik davrida ultratovush tekshiruvlari xavfsizligini inobatga olgan holda, O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan homiladorlik davridagi 8ta asosiy tibbiy ko’riklar jumlasiga kiritilgan.
Bu tekshiruvlar orqali siz farzandingiz kelajagi uchun mas’uliyatli birinchi qadamni qo’yasiz!